O‘qituvchilar nimadan norozi?
Milliy o‘quv dasturiga ko‘ra, 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab,
1-6-sinflarda yagona “Tabiiy fanlar” (Science) fani joriy qilinishi belgilangan
(O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 avgustdagi PQ 4805-sonli
qarori (https://lex.uz/docs/4945470)).
Yangi fan geografiya, biologiya, fizika, kimyo hamda astronomiya fanlari
bo‘yicha o‘quvchilarning dastlabki ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.
Endilikda bu fanlarga oid bilim va ko‘nikmalar o‘quvchilarda 1-sinfdan
boshlab shakllantiriladi. Milliy o‘quv dasturi doirasida o‘quvchilarda “Tabiiy
fanlar” fani orqali shakllanishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar har bir
sinf kesimida belgilandi.
O‘quvchilar boshlang‘ich sinflarda yetarli ko‘nikma va malakaga ega
bo‘lishlari uchun, xalqaro tajribadan kelib chiqib, yangi fanga ajratilgan dars
soatlarini boshlang‘ich sinflarda ko‘paytirishga ehtiyoj tug‘ildi. Shu
munosabat bilan, 6-sinfda har biri haftalik 2 soatdan o‘tiladigan (jami 6
soatlik) geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga yagona, haftasiga 3
soatlik “Tabiiy fanlar” kiritildi.
O‘z navbatida, qolgan haftalik 3 soat “Tabiiy fanlar” doirasida 2-, 3-,
4-sinflarga o‘tkazildi. Yaʼni, bu sinflarga haftasiga 1 soatdan, jami 3 soat
qo‘shib berildi.
Maktabda geografiya fanidan berilishi zarur bo‘lgan bilim hajmi va unga
umumiy rejada ajratilgan soatlar hajmi qisqargani yo‘q.
Boshqa fanlar qatori geografiya faniga oid mavzular “Tabiiy fanlar”ga
singdirilgan, umuman dasturda esa, geografiya faniga oid mavzular 291 ta
mavzudan 387 ta mavzuga, yaʼni 96 ta mavzuga ko‘paygan.
Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy tarmoqlarda geografiya fani yo‘qolish xavfi
ostidagi xulosalar, asossiz.
Jahon tajribasida qanday?
“Tabiiy fanlar” jahondagi aksariyat rivojlangan davlatlarda o‘qitiladi.
Xususan, Buyuk Britaniya tajribasi o‘rganilganida, tabiiy fanlar 1-6-sinflarda
integratsiya qilingan holda, yagona fan sifatida o‘qitiladi.
Tabiiy fanlarning quyi sinflarda qo‘shib o‘qitilishi o‘quvchiga olamni bir
butun tasavvur qilish, fanlarga oid mavzular kesimida loyiha ishlarini amalga
oshirib, tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, o‘quvchilarning
faolligini oshirish, tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini yaxshilash, ularni
ijodkorlikka yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Milliy o‘quv dasturi doirasida taʼlim mazmunida amalga oshirilayotgan bu
kabi o‘zgarishlar iqtisodiyot sohalariga xalqaro andozalar asosida mehnat
bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlashi bilan
o‘quvchilar uchun manfaatlidir.
Yangi fan kiritilishi o‘qituvchilarga qanday imkoniyat yaratadi?
Milliy o‘quv dasturida aynan Geografiya fani haftalik 8 soat dars
o‘tishlishi belgilangan. Shu o‘rinda alohida qayd etish lozimki, geografiya
fani o‘qituvchilarida “Tabiiy fanlar” yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli qayta
tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tamomlagan taqdirda, 11 soat dars berish
imkoniyati paydo bo‘ladi (natijada, amaldagi haftalik 10 soat o‘rniga, 11 soat
berishlari mumkin).
Shu bilan birga, Vazirlik dasturni xalqaro talablar asosida
zamonaviylashtirish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni inobatga olgan
holda, o‘quvchilarda iqtisodiy bilimlarni yanada oshirish maqsadida qo‘shimcha
soat ajratish bo‘yicha imkoniyatlarni o‘rganmoqda.
Mazkur yo‘nalishda qo‘shimcha dars joriy qilinsa, bu ham geografiya
o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi.
Xalq
ta’limi vazirligi rasmiy telegram kanali
18.01.2022
Comments